Bekobod tumanining rasmiy nashri

“Vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas'uliyat hamdir!” — Shavkat Mirziyoyev

Yangi Bekobod

YANGI BEKOBOD

Toshkent viloyati Bekobod tumani ijtimoiy-siyosiy gazetasi

№37 (8055) · 30-sentabr, 2026
Gazeta 1931-yildan chiqib kelmoqda
Har haftada — payshanba kuni
Rahbariyatning chiqishlari va bayonotlari

Aholi bandligi va daromadini oshirish bo‘yicha ishlar tanqidiy tahlil qilindi

15.09.2026Sarvinoz Sheraliyeva

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish borasidagi ishlar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi.

3-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda ishni tashkil etish tartibi tubdan o‘zgartirilib, asosiy vakolat va resurslarni tuman darajasiga tushirish belgilangan edi. Yangi tizimga ko‘ra, har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etilib, bandlik idoralari va iqtisodiy kompleks tashkilotlari odamlarni ish bilan ta’minlash masalalarini joyida hal qiladi.

Yig‘ilishda barcha hududlarda shtablar ish boshlagani qayd etildi. Ularga iqtisodiy kompleksdan har bir viloyatga 2 nafardan, jami 28 nafar mas’ul rahbar biriktirildi. Shu bilan birga, ayrim rahbarlar hali ham ishni kabinetdan turib tashkil etayotgani, mahallaga tushib, har bir oila va korxonadagi haqiqiy holatni o‘rganmayotgani tanqid qilindi. Davlatimiz rahbari bunday yondashuv bilan natijaga erishib bo‘lmasligini ta’kidladi. Hokimlar kambag‘allikka faqat ijtimoiy reyestr nuqtayi nazaridan qaramasligi zarurligi aytildi.

Bandlikni oshirish bo‘yicha aniq imkoniyatlar ko‘rsatildi: – davlat banklari balansidagi 10 trillion so‘mlik qariyb 2,5 mingta mol-mulkni ishga solish orqali 40 mingtagacha ish o‘rni tiklanishi mumkin; – 124 ta korxonaning 6 trillion so‘mlik aktivlariga qo‘yilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish orqali 10 ming ish o‘rnini tiklash imkoniyati bor; – banklar balansiga o‘tgan korxonalarga bir hafta ichida menejer tayinlanadi, yil yakunigacha ular yaxlit ishlab chiqarish sifatida qayta ishga tushiriladi.

1-oktyabrdan boshlab ehtiyojmand oila a’zosini ishga olgan korxonalar uchun ushbu xodim bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 2 foiz bo‘ladi.

Bog‘cha, maktab yoki texnikum tashkil etib, ehtiyojmand oila farzandlarini bepul o‘qitmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga davlat yer uchastkalarini 1 million so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarishga tayyor ekani aytildi. Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidagi xonadonlarni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan, xabardor qilish tartibida savdo va xizmat faoliyatiga moslashtirish taklif etildi.

Shuningdek, eski bog‘lar va qarovsiz yerlarni yangilash, ko‘p qavatli uylar atrofida bolalar va sport maydonchalari tashkil etish, maktab va texnikum binolarida darsdan keyin yoshlar, ayollar va ishsizlarni kasb-hunar hamda tillarga o‘qitish vazifalari qo‘yildi.

Yaqinda imzolangan Prezident farmoni bilan mahalla tizimi bilan ishlash bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Bundan buyon mahallaga tegishli barcha masalalar haftada bir marta uning boshchiligida muhokama qilinadi.

Davlatimiz rahbari mahallada ishni to‘g‘ri tashkil etish, davlat siyosatini eng quyi bo‘g‘ingacha yetkazish va har bir oilani barqaror daromad manbaiga bog‘lash barcha darajadagi rahbarlar uchun eng muhim vazifa ekanini ta’kidladi.