Bekobod tumanida g’alla o’rim-yig’imi avj pallada
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash uchun qishloq xo’jaligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Dehqon va fermerlarning yil davomidagi mehnati o’z samarasini bermoqda: g’alla maydonlarida hosilni yig’ib olish mavsumi qizg’in pallaga kirdi.
Mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida Bekobod tumanida amaliy seminar o’tkazildi. Unda mutasaddi tashkilotlar, qishloq xo’jaligi vakillari, fermerlar va mexanizatorlar ishtirok etdi. Seminarda quyidagi masalalar atroflicha o’rganildi:
hosilni nes-nobud qilmasdan yig’ib olish; texnikalarning sozligi va otryadlarning shay holati; ishchi-xodimlarning moddiy-texnik va oziq-ovqat bilan ta’minlanganligi.
Joriy yilda tumandagi 268 ta fermer xo’jaligi va “Globl tekstil group” agroklasteri 12 ming gektar maydonda g’alla yetishtirdi. Hosilni o’z vaqtida yig’ib olish uchun 41 ta o’rim kombayni va 205 ta tashish texnikasi jalb etildi, 41 ta otryad tuzildi.
Bugungi kunda barcha 41 ta kombayn o’rim-yig’imda to’liq ishtirok etmoqda. Bir kunda 2 ming 229 tonna atrofida g’alla yig’ib olinmoqda. Mavsum boshidan jami 8 ming 763 tonna g’alla don qabul qilish korxonasiga topshirildi, bu rejaning 22 foizini tashkil etadi.
Har bir boshoqda dehqonning zahmati, har bir hosilda esa xalqimizning rizqi mujassam. O’rim-yig’imning uyushqoq tashkil etilishi mo’l hosilni saqlab qolish bilan birga mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
