Katta maqsadlar kichik qadamlardan boshlanadi: EdEx ta’lim klasteri
Prezidentimizning 2025-yil 14-fevraldagi “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori 18 yoshdan 30 yoshgacha bo’lgan yoshlarning innovatsion g’oyalari va startaplarini qo’llab-quvvatlashni ko’zda tutadi. Davlatimiz rahbarining 287 ming nafardan ortiq yosh tadbirkorlar bilan uchrashuvida Bekobod tumani vakili, EdEx ta’lim klasteri asoschisi Shoxrux Izatullayev ham qatnashgan.
EdEx Kids – klasterning ilk loyihasi. Bugun bog’chada 80 dan ortiq tarbiyalanuvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Bolalar uchun quyidagi dasturlar yo’lga qo’yilgan:
zamonaviy o’quv dasturlari va ingliz tili; “200 ko’nikma” dasturi va mantiqiy fikrlashni rivojlantiruvchi darslar; sport va ijodiy to’garaklar, maktabga tayyorlov dasturlari; logoped mashg’ulotlari va maxsus massaj muolajalari.
“Maqsadimiz – EdEx Kids’ni nafaqat hududimizda, balki respublika miqyosida ham namunali va innovatsion maktabgacha ta’lim maskanlaridan biriga aylantirish”, deydi Shoxrux Izatullayev.
EdEx School – sifat birinchi o’rinda. “Zamonaviy bino yoki jihozlar emas, balki kuchli pedagogik jamoa, zamonaviy o’qitish metodlari va har bir o’quvchiga individual yondashuv sifatli ta’limning asosiy mezonidir”, deydi tadbirkor. Maktabda o’qituvchilar malakasini oshirish va o’quvchilar bilimini doimiy monitoring qilishga alohida e’tibor qaratiladi.
Maktab tuman markazida, boshqa davlat va xususiy maktablar yaqinida joylashgan. Shoxrux Izatullayev raqobatni rivojlanish omili deb biladi. Kelgusida boshqa maktablar bilan birgalikda fan olimpiadalari, sport musobaqalari, debatlar, kitobxonlik tanlovlari va do’stlik uchrashuvlari o’tkazish rejalashtirilgan.
Klaster tibbiyot texnikumi va DeutschHub o’quv markazi orqali ham yoshlar uchun sifatli ta’lim va yangi imkoniyatlar yaratmoqda. 2025-yilda Prezident bilan uchrashuvda ta’lim sohasidagi loyihalarni taqdim etish tadbirkor uchun katta motivatsiya bo’lgan.
Klasterning navbatdagi rejalari:
kasb-hunar ta’limini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish; IT, tibbiyot, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni birlashtirgan ta’lim ekotizimini kengaytirish; xalqaro sertifikatlash dasturlarini yo’lga qo’yish; bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanish ko’rsatkichlarini oshirish.
“Ishonchim komilki, davlat va xususiy sektor hamkorligi orqali ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish va yoshlarimiz uchun yanada ko’proq imkoniyatlar yaratish mumkin”, deydi Shoxrux Izatullayev.
