Bekobod tumanining rasmiy nashri

“Vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas'uliyat hamdir!” — Shavkat Mirziyoyev

Yangi Bekobod

YANGI BEKOBOD

Toshkent viloyati Bekobod tumani ijtimoiy-siyosiy gazetasi

№37 (8055) · 30-sentabr, 2026
Gazeta 1931-yildan chiqib kelmoqda
Har haftada — payshanba kuni
Ommaviy tadbirlar

Sirdaryo ustidagi ko’prik: qirq yillik orzu ro’yobga chiqdi

17.06.2026Sarvinoz Sheraliyeva

Bugun Yangi O’zbekistonda amalga oshirilayotgan o’zgarishlar markazida inson manfaatlari turibdi. “Bosh maqsadimiz – hamma va har bir inson farovonligini ta’minlash” degan g’oya ta’lim, sog’liqni saqlash, ijtimoiy himoya, bandlik, mahallalarni rivojlantirish va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan keng ko’lamli islohotlarning asosiga aylangan.

Bekobod tumanida ham aholi farovonligini oshirish va hududning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish bo’yicha bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda. O’tgan yili davlat budjetidan jami 370 milliard so’mlik qurilish ishlari amalga oshirildi:

maktablar, bolalar bog’chalari, sog’liqni saqlash va sport muassasalari hamda mahalla idoralari, jami 34 ta ijtimoiy obyekt qurildi va ta’mirlandi; tuman markazidagi 51 ta ko’p qavatli uy va 105 kilometr yo’l ta’mirlandi; 44 kilometr markazlashgan ichimlik suvi tarmog’i tortilib, aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 80 foizga yetkazildi.

2025-yilning eng muhim voqealaridan biri Prezidentimizning Bekobod tumaniga sovg’asi sifatida Sirdaryo ustida barpo etilgan muhtasham ko’prik bo’ldi. Ko’prik tumanning Do’stlik va Yangiovul mahallalarini bog’lab, 40 ming aholiga qulaylik yaratdi.

Bu inshootning tarixi o’tgan asrning oxirlariga borib taqaladi. 1989-yilda ko’prik qurilishiga ilk marta ruxsat olinib, ishlar boshlangan, ammo 1991-yilda turli sabablar bilan to’xtab qolgan. Avlodlar almashdi, lekin bu orzu xalq qalbidan hech qachon o’chmadi. Nihoyat, Prezidentimizning 2025-yil 24-iyuldagi qarori bilan loyiha bo’yicha amaliy ishlar qayta yo’lga qo’yildi.

Qariyb qirq yillik kutishdan so’ng qurib bitkazilgan ko’prik hududlar o’rtasidagi transport harakatini qulaylashtirdi. U ikki sohil aholisining o’zaro muloqoti, iqtisodiy hamkorligi va ijtimoiy aloqalarini ham mustahkamlamoqda.