Bekobod tumanining rasmiy nashri

“Vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas'uliyat hamdir!” — Shavkat Mirziyoyev

Yangi Bekobod

YANGI BEKOBOD

Toshkent viloyati Bekobod tumani ijtimoiy-siyosiy gazetasi

№37 (8055) · 30-sentabr, 2026
Gazeta 1931-yildan chiqib kelmoqda
Har haftada — payshanba kuni
Kundalik yangiliklar

Bekobodda g‘alla topshirish rejasi muddatidan oldin 106,2 foizga bajarildi

30.06.2026Alisher Po'latov

Bekobod tumanida 2026-yil g‘alla hosilini o‘rib-yig‘ib olish mavsumi qizg‘in davom etmoqda. Fermerlar, mexanizatorlar va barcha soha vakillarining fidokorona mehnati natijasida davlat xaridi bo‘yicha belgilangan g‘alla topshirish rejasi muddatidan oldin ortig‘i bilan bajarildi.

Joriy yilda tumanda 264 ta fermer xo‘jaligi hamda “Global Textile Group Agro” klasteri 12 ming gektar maydonda g‘alla parvarishladi. Mavsum davomida jami 120 ming tonnadan ziyod don yetishtirish rejalashtirilgan. Shundan 19 ming 938 tonnasi davlat xaridi, 722 tonnasi urug‘lik, 18 ming 988 tonnasi esa vaqtinchalik saqlash uchun belgilangan.

O‘rim-yig‘imni uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun 41 ta o‘rim otryadi tuzilib, ularga 41 ta kombayn va 205 ta transport vositasi jalb etildi. Har bir otryadga ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari biriktirilib, mavsumning xavfsiz o‘tishi ta’minlanmoqda.

29-iyun holatiga ko‘ra: – mavsum boshidan jami 42 ming 127 tonna g‘alla don qabul qilish korxonasiga topshirildi; – shundan 20 ming 155 tonnasi davlat xaridi, 21 ming 972 tonnasi vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilindi; – belgilangan reja 106,2 foizga bajarildi.

Qator ilg‘or fermer xo‘jaliklari har gektardan 100 sentnerdan hosil olib, yuqori natijalarga erishdi. Ular orasida “Uzenboyev Shavkat”, “Boltaboyev Sherbo‘ta agro”, “Do‘stlik fayz agro”, “Qozonko‘l agro”, “Haqiqat kuchi”, “Istiqlol” fermer xo‘jaliklari hamda “Safar hoji bobo invest” va “Agro EXAMPLE” MChJlar bor.

Ayni kunlarda ham o‘rim-yig‘im ishlari davom etmoqda. Hosilni nobud qilmasdan qabul qilish, sifatli saqlash hamda keyingi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.