Oq oltin dalalarida mas’uliyatli mavsum
Kuzning fayzli kunlarida Bekobod tumanining keng paxta dalalarida hosil pishib yetildi. Dalalarda oppoq chanoqlar ko‘zga tashlanmoqda, dehqonlar mehnati bilan yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmay yig‘ib olish uchun mas’uliyatli jarayon boshlandi.
Ayni kunlarda Toshkent viloyati ishchi guruhi tumandagi qator paxta dalalarining holatini ko‘zdan kechirmoqda. Hosilning pishib yetilishi, mavjud imkoniyatlar va terimga tayyorgarlik ishlari o‘rganilmoqda.
Paxta mashaqqatli mehnat mahsuli. Uning har bir tolasi ortida dehqonning zahmati, yil davomida olib borilgan agrotexnik tadbirlar, suv va yerga bo‘lgan e’tibor mujassam. Shu bois ochilgan paxtani dalada qoldirmaslik va nobudgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri.
O‘rganishlar davomida mas’ullarga quyidagi topshiriqlar berildi: – dalalardagi imkoniyatlardan samarali foydalanish; – ochilgan paxtani o‘z vaqtida terib olish va hosil sifatini saqlash; – terimda mehnat qilayotganlar uchun zarur sharoitlarni yaratish; – yig‘ilgan hosilni o‘z vaqtida qabul qilish.
Mavsumning yana bir muhim jihati daladan qabul maskanigacha bo‘lgan jarayonlarning uzluksizligidir. Terilgan paxtani sifatli qabul qilish, belgilangan tartibda tashish va qabul maskanlarida ishlarni muvofiqlashtirish hosil sifatini saqlashda muhim ahamiyatga ega.
Mo‘l hosil katta mehnat samarasi, uni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib olish esa umumiy mas’uliyatdir.
