Bekobod tumanining rasmiy nashri

“Vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas'uliyat hamdir!” — Shavkat Mirziyoyev

Yangi Bekobod

YANGI BEKOBOD

Toshkent viloyati Bekobod tumani ijtimoiy-siyosiy gazetasi

№37 (8055) · 30-sentabr, 2026
Gazeta 1931-yildan chiqib kelmoqda
Har haftada — payshanba kuni
Kundalik yangiliklar

Tuman Kengashining 31-sessiyasi bo‘lib o‘tdi: deputatlar maktablardagi holatni o‘rgandi

30.09.2026Gulchehra Risqulova

Xalq deputatlari Bekobod tumani Kengashining VII chaqiriq navbatdagi 31-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibida tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlarini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim sifatini yuksaltirish, obodonlashtirish va mahalliy byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish masalalari bor edi.

Sessiyada mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglanib, mavjud kamchiliklar ochiq tahlil qilindi. Kun tartibidagi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilinib, ularning ijrosi uchun mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Tuman Kengashi deputati Gulchehra Risqulova tumandagi umumta’lim maktablarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, sohada yutuqlar bilan birga jiddiy kamchiliklar ham bor: – 2025/2026-o‘quv yilida 11-sinfni 2235 nafar bitiruvchi tamomladi. Ularning 570 nafari davlat, 641 nafari xususiy oliy ta’lim muassasalariga, 108 nafari texnikumlarga qabul qilindi; – oliy ta’limga kirish bo‘yicha eng yuqori natija “Progress and RESULT” maktabida (95 foiz), tuman ixtisoslashtirilgan va Buxoro Qorako‘l maktablarida (84 foizdan) qayd etildi; – tumandagi 15 ta maktabda direktor lavozimi bo‘sh, asosiy sabab nomzodlarda menejerlik sertifikati yo‘qligi; – 42-, 54-, 33-, 57-, 53-, 23-maktablar hududi to‘liq o‘ralmagan; – ayrim maktab va bog‘chalarda ko‘mirxonalar qurilishi mablag‘ yetishmasligi sababli to‘xtab qolgan, qozonxonalarni ta’mirlash talab etiladi.

Ijobiy tajribalar ham bor. 8-maktabda bo‘sh yer tadbirkorga ijaraga berilib, qo‘shimcha daromad manbai yaratildi. 6- va 7-maktablarda sun’iy qoplamali futbol maydonlari tashkil etilib, aholiga pullik xizmat ko‘rsatilmoqda.

Deputatning ta’kidlashicha, aniqlangan muammolar bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Endi asosiy masala ularning qog‘ozda qolib ketmasligi va kuz-qish mavsumi boshlanishidan oldin amaliy natijaga aylanishidir.