Bekobod tumanining rasmiy nashri

“Vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas'uliyat hamdir!” — Shavkat Mirziyoyev

Yangi Bekobod

YANGI BEKOBOD

Toshkent viloyati Bekobod tumani ijtimoiy-siyosiy gazetasi

№37 (8055) · 30-sentabr, 2026
Gazeta 1931-yildan chiqib kelmoqda
Har haftada — payshanba kuni
Kundalik yangiliklar

Nurafshonda Kelajak texnologiyalari markazi barpo etiladi

29.07.2026Shohida To'raqulova

Davlatimiz rahbari 22-iyul kuni Toshkent viloyatining O’rta Chirchiq tumani va Nurafshon shahriga tashrif buyurdi. Tashrif chog’ida Toshkent – Samarqand yo’nalishidagi pullik muqobil avtomobil yo’li qurilishiga tamal toshi qo’yildi. Prezident A-373 va Toshkent katta xalqa yo’llari kesishmasida qurilgan yangi yo’l o’tkazgichni ko’zdan kechirdi. Bu inshoot Toshkent va Nurafshon o’rtasidagi qatnov vaqtini 10–15 daqiqaga qisqartiradi. Shuningdek, Prezident viloyatda ilk bor tashkil etilgan Ijtimoiy himoya majmuasi bilan tanishdi.

Nurafshonda davlatimiz rahbari “Cyber University” davlat universiteti faoliyati bilan tanishdi. Oliygoh Prezidentning 2025-yil 20-yanvardagi qarori bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida tashkil etilgan. Unda axborot va kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va robototexnika, kiberhuquq, raqamli kriminalistika hamda kiberiqtisodiyot sohalari bo’yicha mutaxassislar tayyorlanadi:

2 ta fakultet, 4 ta kafedra, 8 ta bakalavriat va 2 ta magistratura yo’nalishi; qariyb ming nafar talaba; 1 585 o’rinli o’quv binosi, 805 o’rinli talabalar turar joyi, sport majmuasi va axborot-resurs markazi.

Universitet jamoasi xalqaro kiberxavfsizlik musobaqalari va Shanxay hamkorlik tashkiloti xakatonlarida yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Oliygohga “Yashil kampus” maqomi ham berilgan.

“Kelajakda sizdek mutaxassislarga ehtiyoj yanada oshadi. Har bir soha va har bir hudud raqamli texnologiyalar bilan hamohang rivojlanmasa, mamlakat taraqqiy etmaydi”, dedi Prezident yoshlar bilan muloqotda.

Shundan so’ng davlatimiz rahbari universitetga tutash hududda barpo etiladigan Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga tamal toshi qo’yish marosimida ishtirok etdi. 36 gektarlik markazga qariyb 500 million dollar investitsiya jalb qilinadi. U ta’lim, ilmiy tadqiqot, texnologik sinov va ishlab chiqarishni birlashtiradigan yagona innovatsion ekotizim bo’ladi:

kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va kriptografiya bo’yicha 6 ta laboratoriya; sun’iy intellekt data-markazi va muhandislik klasteri; uchuvchisiz dron va robototexnika vositalarini sinovdan o’tkazish uchun poligon; 5 megavattli energetika quvvatlari; 5 mingdan ziyod yuqori malakali ish o’rni.

Joriy yilda O’zbekistonda venchur investitsiyalar hajmi 5 barobar ko’paydi, o’sish sur’ati bo’yicha mamlakatimiz jahonda birinchi o’ringa chiqdi. Milliy startap ekotizimi qariyb 4,5 milliard dollarga yetdi. Toshkent viloyatining raqamli xizmatlar eksporti ilk bor 50 million dollarga yetishi kutilmoqda. Nurafshon va Chirchiq shaharlarida zamonaviy IT park binolari qurilishiga ham start berildi.

Marosimda Xitoy, Rossiya va Germaniya kompaniyalari ishtirokida amalga oshiriladigan, umumiy qiymati 465 million dollar bo’lgan 9 ta yangi loyiha qurilishiga ham start berildi. Quvonarlisi, ular qatoridan Bekobod tumanidagi ikkita yirik investitsiya loyihasi ham o’rin oldi. Ushbu quvvatlar ishga tushishi bilan yana 5 mingta ish o’rni yaratiladi.

“‘Raqamli O’zbekiston’ kelgusi avlodlarga bizdan munosib meros bo’lib qoladi”, dedi davlatimiz rahbari.